PTM Online Personalni tayyorlash muassasasi
Personalni tayyorlash muassasasi

Muassasa nizomi (2-ilova)

«O'zbekiston temir yo'llari» AJ Personalni tayyorlash muassasasi Nizomi

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Personalni tayyorlash muassasasi (Muassasa) “O'zbekiston temir yo'llari” AJning “Personalni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish to'g'risida” 2023 yil 20 oktabrdagi 11-NGK-sonli buyrug'iga asosan tashkil etilgan.

2. Mazkur Nizom kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yo'nalishida Muassasa maqomi, asosiy maqsad va vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

3. Muassasa o'z navbatida “Temiryo'linfratuzilma” aksiyadorlik jamiyati tomonidan biriktirilgan mol-mulkka qonun doirasida egalik qiladi, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlarini amalga oshiradi.

4. Muassasaning rasmiy nomlanishi:

  • a) davlat tilida: “Personalni tayyorlash muassasasi” (qisqartirilgan nomi: “PTM”)
  • b) ingliz tilida: “Personnel training institution” (qisqartirilgan nomi – “PTI”)
  • v) rus tilida: «Учреждение подготовки персонала» (qisqartirilgan nomi – «УПП»)
2-bob. Tizimni boshqarish va ta'lim shakllari

Muassasa temir yo'l transporti sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish funksiyasini amalga oshiradi. Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida o'rnatilgan tartibda ta'lim xizmatlarini ko'rsatadi.

  • Namunaviy o'quv rejasi va namunaviy o'quv dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
  • Tinglovchilarning bilim, malaka va ko'nikmalarini baholash tartibini belgilaydi.
  • Lokomotiv, drezina va elektropoyezd mashinisti kasbiga tayyorlaydi hamda harakat tarkibini mustaqil boshqarish huquqini beradi.
  • “Elektron repozitoriy” tizimi va dasturiy ta'minoti orqali diplom, sertifikat va guvohnomalarni elektron shaklda QR-kod bilan taqdim etadi.
3-bob. Muassasaning asosiy maqsad va vazifalari

Muassasaning asosiy maqsadi:

  • Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning nufuzli ta'lim muassasalari bilan hamkorlik qilish.
  • Temir yo'l sohasi mutaxassislari va ommaviy ishchi kasb xodimlarining malakasini doimiy ravishda oshirishning takomillashtirilgan tizimini joriy etish.
  • Mavjud o'quv reja, o'quv dasturi va uslublarini texnologik o'zgarishlarga qarab muntazam yangilab borish.

Asosiy vazifalari:

  • O'qish jarayoni uchun eng ilg'or moddiy-texnika va laboratoriya bazasini yaratish.
  • Ishga qabul qilishda, kasb-lavozim tuzilmasida o'sishda xodimlarning kasbiy kompetensiyalari mosligini mustaqil ravishda baholash va attestatsiya qilish.
4-bob. Muassasaning huquq va majburiyatlari

Huquqlari:

  • O'zbekiston Respublikasi hududida o'z nomidan shartnomalar tuzish.
  • Shartnoma asosida kasbga tayyorlovchi qisqa muddatli o'quv kurslari ochish va ularga pullik xizmat ko'rsatish.
  • Attestatsiya o'tkazish, tegishli malaka pasporti taqdim etish.
  • Tushgan to'lov-shartnoma mablag'larini xodimlarni ijtimoiy rag'batlantirishga va moddiy-texnik bazani yangilashga sarflash.

Majburiyatlari:

  • Davlat ta'lim standartlari, o'quv rejalariga asosan yuqori sifatli malaka oshirish faoliyatini olib borish.
  • Mehnat muhofazasi talablariga to'liq javob beradigan ta'lim-tarbiya sharoitlarini yaratish.
  • Xodimlar va tinglovchilar muassasa hududida bo'lib turgan vaqtda belgilangan kasb (temiryo'l) kiyimini kiyishini ta'minlash.
5-6-bob. Tinglovchilar va O'quv jarayoni

1. O'quv kurslarida tahsil olayotgan tinglovchilar uchun o'qish davrida ularning asosiy ish joyi bo'yicha egallagan lavozimi va o'rtacha ish haqi to'liq saqlab qolinadi.

2. Guruhdagi tinglovchilar soni davlat ta'lim me'yorlari asosida belgilanadi. Kurslar muddati malaka oshirish yo'nalishida 6 kundan 24 kungacha, qayta tayyorlashda esa 24 kundan 96 kungacha davom etadi.

3. Yakuniy imtihonlarni topshirgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi guvohnoma yoki sertifikat topshiriladi.

7-11-bob. Boshqaruv, Mol-mulk va Tugatish

1. Muassasani boshqarish Muassasa boshlig'i tomonidan amalga oshiriladi. Boshliq "Temiryo'linfratuzilma" AJ bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

2. Muassasa tarkibida 1 ta markaz (Malakalarni baholash), 2 ta o'quv markazi (Mashinistlar va kadrlar markazi) hamda 3 ta bo'lim (Moliya, o'quv-uslubiy, xalqaro aloqalar) faoliyat yuritadi.

3. Muassasa faoliyatini moliyalashtirish "O'zbekiston temir yo'llari" AJ, "Temiryo'linfratuzilma" AJ mablag'lari hamda shartnoma asosidagi tushumlar hisobidan amalga oshiriladi.

4. Muassasani tugatish va qayta tashkil etish amaldagi O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga asosan amalga oshiriladi.